- Uy
- Yangiliklar
- LOS ANGELES 2028 Olimpiya o‘yinlariga saralash mezonlari
Sportchilar Olimpiada yo‘llanmasi uchun qanday kurashadi?
2026-yil 18-may kuni 2028-yil Los-Anjeles Olimpiya o‘yinlari uchun rasmiy saralash davri boshlandi. Aynan shu sanadan boshlab World Triathlon tizimiga kiruvchi musobaqalar natijalari Olimpiya saralash reytingini shakllantirishda hisobga olinadi.
Saralash ikki yil davom etadimi?
Ha. Saralash davri 2026-yil 18-maydan 2028-yil 18-maygacha davom etadi. Shu vaqt mobaynida sportchilar reyting ochkolarini jamg‘arib boradilar va ushbu ochkolar ularning Olimpiya saralash reytingini shakllantiradi.
Olimpiya reytingiga qaysi natijalar kiritiladi?
Har bir sportchining eng yaxshi 12 ta natijasi yakuniy Olimpiya reytingiga kiritiladi.
Bunda quyidagi cheklovlar mavjud:
Olimpiya (Standard Distance) masofasidan qisqaroq masofalarda qo‘lga kiritilgan ko‘pi bilan 8 ta natija hisobga olinadi;
Saralash davri ikki qismga bo‘lingan bo‘lib, har bir qismdan eng ko‘pi bilan 7 ta natija hisoblanadi;
Maksimal ochkolar quyidagi variantlardan biri bo‘yicha shakllanishi mumkin:
birinchi qismdan 5 ta, ikkinchi qismdan 7 ta;
6 ta va 6 ta;
7 ta va 5 ta natija.
Qaysi musobaqalarda Olimpiya ochkolarini qo‘lga kiritish mumkin?
Ochkolar quyidagi musobaqalarda beriladi:
World Triathlon Championship Finals (Jahon chempionati final bosqichi);
World Triathlon Championship Series (Jahon chempionati musobaqalar seriyasi);
Olympic Test Event (Olimpiya sinov tadbiri);
World Triathlon Cup (Jahon kubogi);
Qit’a chempionatlari;
Qit’a o‘yinlari.
Shu bilan birga, reytingga butun saralash davri davomida ko‘pi bilan ikkita Qit’a chempionati va bitta Qit’a o‘yinlari natijasi kiritilishi mumkin. Ushbu musobaqalarda ochkolar faqat tegishli qit’a sportchilari uchun hisoblanadi.
Qancha ochko olish mumkin?
G‘olib uchun maksimal ochkolar:
1250 — Championship Finals;
1000 — WTCS;
1000 — Olympic Test Event;
500 — World Triathlon Cup;
400 — Qit’a chempionatlari va Qit’a o‘yinlari.
G‘olibdan keyingi har bir o‘rin uchun ochkolar 7,5% ga kamayib boradi.
Yana nimalarga e’tibor berish kerak?
Natijalar reytingda hisobga olinishi uchun sportchi:
Saralashning har bir yarmida kamida ikki marta standart (olimpiya) masofasidagi musobaqani muvaffaqiyatli yakunlashi kerak;
Reyting ochkolarini qo‘lga kiritish uchun sportchi g‘olib natijasiga nisbatan 8% nazorat vaqti ichida marraga yetib kelishi shart.
Oldinda ikki yillik kurash
Olimpiya saralashi — bu faqat bitta muvaffaqiyatli start emas, balki ikki mavsum davomida olib boriladigan izchil va tizimli mehnatdir. Ushbu ikki yil davomida har bir xalqaro musobaqa sportchining Olimpiya saralash reytingidagi o‘rniga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
O‘zbekiston terma jamoasi sportchilariga Olimpiya saralash bosqichida muvaffaqiyat, yuqori natijalar va xalqaro maydonda yangi g‘alabalar tilaymiz!