CHALLENGE SAMARKAND LEGACY RUN

Har bir medalning o‘z tarixi bor. Har bir tarix esa davom etishga arziydi.

Challenge Samarkand musobaqalari o‘tkazib kelinayotgan yillar davomida medallar minglab ishtirokchilar uchun sportdagi yutuqlar, shaxsiy g‘alabalar va unutilmas taassurotlar ramziga aylandi. 2026-yil 21-noyabr kuni Toshkent shahridagi «Paxtakor» stadionida ushbu tarixning yangi sahifasi ochildi. Bu yerda Challenge Samarkand va Women TRI CLUB hamkorligidagi, sport merosi, ayollar hamjamiyati va barqaror rivojlanish tamoyillarini o‘zida mujassam etgan Challenge Samarkand Legacy Run loyihasining oflayn bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Legacy Run uchun Women’s Run musobaqalarining avvalgi mavsumlarida tayyorlangan medallardan foydalanildi. Avvaldan ishlab chiqarilgan mukofotlarni ishtirokchilarga topshirish qarori resurslardan yanada oqilona foydalanish yo‘lidagi kichik, ammo ongli qadam bo‘ldi. Bunday yondashuv yangi medallar ishlab chiqarishga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish va avvalgi yillar medallariga yangi hayot bag‘ishlash imkonini berdi.

«Paxtakor» stadionida tajribali yuguruvchilar bilan bir qatorda, ilk bor yugurish musobaqasida ishtirok etayotgan ayollar ham startga chiqdi. Har bir ishtirokchi 5 kilometr masofani o‘ziga qulay sur’atda bosib o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Musobaqada vaqt hisobi yuritilmadi va reyting natijalari belgilanmadi.
Finish chizig‘ida ishtirokchilarga medallar topshirildi. Shu tariqa, har bir medal yangi egasining sa’y-harakatlari va his-tuyg‘ulari bilan bog‘liq yangi tarixga ega bo‘ldi. Kimdir uchun bu medal ilk marrani zabt etganining unutilmas xotirasiga, ehtimol, navbatdagi start sari qo‘yilgan ilk qadamga aylandi.

Legacy Run musobaqasida jami 335 nafar ayol ro‘yxatdan o‘tdi. Ulardan 212 nafari «Paxtakor» stadionida masofani bosib o‘tdi, 123 nafari esa onlayn formatni tanladi.

Women TRI CLUB — Yelena Kun tomonidan asos solingan ijtimoiy loyiha. Klub jismoniy tayyorgarlik darajasidan qat’i nazar, barcha ayollar uchun bepul mashg‘ulotlar tashkil etadi. Har seshanba kuni yugurish mashg‘ulotlari, yakshanba kunlari esa BEFIT PRO basseynida suzish mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.
Mashg‘ulotlarda ishtirok etishni istagan barcha ayollar klub safiga qo‘shilishlari mumkin!

Saytga kiring
Parolni unutdingizmi?
Agar hisobingiz bo'lmasa, ro'yxatdan o'tishingiz mumkin
Anonim murojaat
Перейти в ТГ